Qisqacha: Minsk shahriga ishga borib, qarovsiz va mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarosiga diplomatik ko‘mak ko‘rsatildi. U Migratsiya jamg‘armasi hisobidan Toshkentga olib kelindi.

O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasiga hamyurtimiz M.T. murojaat qilib, og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgani sababli vatanga qaytishda amaliy yordam so‘radi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro joriy yilning iyul oyida mehnat faoliyatini olib borish maqsadida Belarusga yo‘l olgan. Biroq Minsk shahriga yetib borgach, uni ishga taklif qilgan shaxs aloqaga chiqmay qo‘ygan. Bir necha kun davomida ish beruvchi bilan bog‘lanish harakatlari zoye ketgach, hamyurtimiz mablag‘siz va qarovsiz qolgan.

Yuzaga kelgan holatni inobatga olgan holda:

  • Diplomatlar tomonidan tezkor tartibda tegishli ariza va hujjatlar qabul qilindi.
  • Migratsiya agentligi hamkorligida Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fuqaro nomiga Toshkentga qaytish aviachiptasi rasmiylashtirildi.

Ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida 24-iyul kuni M.T. “Belavia” aviakompaniyasining Minsk–Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga eson-omon qaytarildi.

Manba: Yuz.uz