Bir necha yil avval kimdir menga: "Bir kuni sen yozgan maqolalarni millionlab odamlar Google orqali o'qiydi", desa, ehtimol bunga ishonmagan bo'lardim. Chunki 2007-yillar atrofida internet bugungidek rivojlanmagan, smartfonlar endigina ommalashishni boshladim.

O'sha paytlarda internet deganda ko'pchiligimiz faqat Google va Facebook'ni bilardik. Boshqa saytlar haqida deyarli tasavvur ham yo'q edi. Google esa biz uchun haqiqiy mo'jiza edi. Oddiygina matn yozasiz va u sizga kerakli ma'lumotlarni, rasmlarni, videolarni bir necha soniya ichida topib beradi. Bugungi kunda bu oddiy holatdek tuyuladi, ammo o'sha davr uchun bu haqiqiy "wow" texnologiya edi.

Google Discover'da chiqqan shaxsiy blog maqolalari

Vaqt o'tgani sari internet ham, texnologiyalar ham juda tez rivojlandi. Avvalgi maqolamda ham bu haqda batafsil yozgan edim.

Internetga bo'lgan qiziqishim meni dasturlashni o'rganishga undadi. Kod yozishni, veb-sayt yaratishni va internet qanday ishlashini asta-sekin tushuna boshladim. Eng muhimi, o'z fikrlarimni maqola shaklida yozishni o'rgandim. Bu esa keyinchalik mening eng sevimli mashg'ulotlarimdan biriga aylandi.

Oradan yillar o'tdi. Bir vaqtlar o'zim hayrat bilan foydalangan Google tizimida endi mening yozgan maqolalarim ham paydo bo'la boshladi. O'sha paytda buni tasavvur qilish ham qiyin edi. Google menga juda katta va erishib bo'lmaydigan platformadek ko'rinardi.

Albatta, bugungi kunda Google'da maqola chiqishi oddiy holat hisoblanadi. SEO qoidalariga amal qilinsa yoki sifatli kontent yozilsa, bunga erishish mumkin. Ammo men uchun bu oddiy natija emas edi. Chunki bu mening yillar davomida qilgan mehnatim, o'rgangan bilimlarim va tinimsiz izlanishlarimning mevasi edi.

Ayniqsa, maqolalarim ilk bor Google Discover tavsiyalariga chiqqan kunni hech qachon unutmayman. O'sha lahzada ichimda juda kuchli motivatsiya paydo bo'lgan edi.

Bugun orqaga nazar tashlasam, bir narsani aniq tushunaman: katta natijalar birdaniga kelmaydi. Hammasi kichik qiziqishdan boshlanadi. Avval Google'dan ma'lumot izlaysiz, keyin dasturlashni o'rganasiz, o'z saytingizni yaratasiz, maqolalar yozasiz va oxir-oqibat o'sha Google sizning maqolalaringizni butun dunyoga tavsiya qila boshlaydi.

Balki bu kim uchundir oddiy holatdir. Ammo men uchun bu bolalikdagi orzulardan birining ushalganidir. Va bu hali yo'lning oxiri emas, balki yangi bosquchning boshlanishidir.